Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida oʻzaro vizani bekor qilish toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitimning (Chendu, 2024-yil 1-dekabr) kuchga kirishi boʻyicha ichki tartiblar yakunlandi, deya xabar berdi Oʻzbekiston TIV.
Mazkur xalqaro shartnoma qoidalariga muvofiq, kelishuv 2025-yil 1-iyundan kuchga kiradi.
Shartnoma Oʻzbekiston va Xitoy fuqarolarining ikki davlat hududiga oʻzaro vizasiz borishi masalalarini tartibga soladi.
Bitimga muvofiq, Tomonlar davlatlari fuqarolari ikki davlat hududlariga kirish, undan chiqish yoki tranzit qilish uchun har bir alohida bo‘lish muddati 30 kundan oshmaydigan muddatda va har qanday 180 kunlik davr ichida jami 90 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda viza talablaridan ozod qilinadi.
Bunda Tomonlarning davlatlari hududiga har bir kirish va bo‘lish muddati 30 kundan oshmasligi lozim.
Agar fuqarolar 30 kundan ortiq qolishlari kerak bo‘lsa, ular kirish vizasini oldindan olishlari lozim.
Vizasiz rejim mehnat faoliyati, o‘qish va media faoliyati bilan shug‘ullanish, shuningdek, boshqa Tomon vakolatli organlarining oldindan roziligini talab qiladigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Ko‘rsatilgan Bitim XXRning Gongkong va Makao maxsus maʼmuriy hududlariga tashrif buyurishga nisbatan amal qilmaydi.