Tadbirkorlarga 2D-skanerlar xarid qilishda soliq imtiyozlari taqdim etiladi. Bu haqda Soliq qoʻmitasi axborot xizmatiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Chakana savdo va xizmat koʻrsatish sohasida nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq raqamli markirovkalangan mahsulotlar chakana savdosini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari markirovka kodlarini toʻgʻri oʻqishni taʼminlovchi maxsus qurilmalardan foydalanishi shart.
Shu boisdan, 2027-yil 1-yanvarga qadar tadbirkorlik subyektlari maxsus qurilmalarning har birini sotib olish bilan bogʻliq xarajatlar summasini, biroq BHMning 4 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda hisoblangan va toʻlanishi lozim boʻlgan foyda soligʻi yoki AOS yoxud YTTlar tomonidan toʻlanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi summalariga kamaytirish huquqi berildi.
Maʼlumot uchun aytish mumkinki, avval ham ushbu imtiyoz tadbirkorlarga berilgan boʻlib, u 2022-yildan 2023-yilning 1-yanvariga qadar davom etgandi.