Qirg‘iz Respublikasida MDHga aʼzo davlatlarning Parlamentlararo Assambleyasi va Qirg‘iz Respublikasi Jo‘gorku Keneshi tomonidan “Hamdo‘stlik bolalari” IX xalqaro madaniy-maʼrifiy forumi Issiqko‘lda o‘tkazilmoqda. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Foto: Senat.uz
Qayd etilishicha, forumda O‘zbekiston, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikistondan 14-17 yoshdagi 10 nafardan maktab o‘quvchilari va ularning ustozlari ishtirok etmoqda.
Forum ishtirokchilariga Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva tabrik yo‘lladi.
Tadbirning ochilishi marosimida har bir delegatsiya o‘z mamlakatining milliy madaniyati va sanʼatini namoyish etdi.
Forum doirasida turli tadbirlar, sport musobaqalari, bahs-munozaralar, taniqli insonlar bilan qiziqarli uchrashuvlar tashkil etiladi. Anʼanaga ko‘ra, Forumning har bir kuni muayyan bir davlat kuni sifatida belgilanadi hamda ishtirokchilar har bir xalq madaniyati va sanʼati, qadriyatlari hamda tarixi bilan tanishadi.
Foto: Senat.uz
Loyihaning asosiy maqsadi bolalar va yoshlarni yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik ruhida tarbiyalash uchun xalqaro maydon yaratish, do‘stona munosabatlar va o‘zaro hurmatni rivojlantirish, taʼlim va madaniyat sohalarida qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda “Hamdo‘stlik bolalari” Vlll xalqaro forumiga O‘zbekiston mezbonlik qilgan.