Iyul oyida ob-havo qanday boʻladi?

Iyul oyida ob-havo qanday boʻladi?

02.07.2024 00:00 O'zbekiston 5

“Oʻzgidromet” prognoziga koʻra, iyul oyi qulay sharoitlardan boshlanadi, 1-3-iyul kunlari havo harorati 31-36 daraja atrofida, janubda 38-40 darajagacha boʻladi. Bu haqda agentlikka tayanib "Xalq so‘zi" nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, iyul oyi harorat tartibi boʻyicha meʼyorga yaqin boʻlishi kutilmoqda. 

e529f41d344a945508ff0a94b4debe3f0701

Foto: xs.uz

Oyning katta qismida havo harorati 35-40 daraja atrofida, janubda va choʻl hududlarda 41-43 darajagacha boʻladi. 

Faqat ayrim kunlarda harorat bu qiymatlardan 2-3 darajaga yuqori boʻlishi mumkin.

aacd9a18cf887bec2b1353d8631992d20701

Infografika: Oʻzgidromet.

 

Oʻzbekiston hududining katta qismida oʻrtacha 40 daraja va undan yuqori haroratli iyul oyida juda issiq kunlar soni 2 kundan 5 kungacha, shimolda 6-8 kunni, janubda va choʻl hududlarda 12-15 kunni tashkil etadi. Soʻnggi yillarda bunday issiq kunlar sonining koʻpayishi tendensiyasi kuzatilmoqda.

Respublika boʻyicha baʼzi joylarda, asosan togʻ oldi va togʻli hududlarda iyul oyining ayrim kunlarida mahalliy xususiyatga ega boʻlgan qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi va momaqaldiroq boʻlishi ehtimoli bor.

Sinoptiklarning eslatishicha, 2014-yil iyul oyi iqlimiy meʼyordan sovuqroq, 2016 va 2020-yillarning iyul oylari meʼyordan biroz issiqroq boʻlgan.

Respublika hududining katta qismida meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun 2019-yil iyul oyi eng issiq boʻldi. Misol uchun, Toshkent shahrida 14 kun davomida maksimal havo harorati ketma-ket 40 darajadan yuqori boʻlib, eng issiq kunlarda esa 43 darajagacha yetgan.

Oʻzbekistonning shimoliy hududlarida 2018-yil iyul oyi, eng chekka janubda esa 2021-yil iyul oyi eng issiq boʻlgan.

Yuqorida qayd etilgan yillarda maksimal havo harorati 41-43, shimolda, janubda va choʻl hududlarda 44-45 darajaga yetgan. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Navoiy viloyatlarida baʼzi joylarda havo haroratining tarixiy maksimumi 46-48 daraja boʻlgan. 

Respublikaning qolgan hududlarida boshqa yillarda ham maksimal haroratning mutlaq rekordlari oʻrnatilgan.

Toshkentda rekord havo harorati hali ham 44,6 darajani tashkil etadi, bu 1997-yil iyul oyida qayd etilgan. 

Oʻzbekiston hududi boʻyicha eng yuqori iyul oyi harorati barcha kuzatuv yillari uchun Qizilqum choʻlida qayd etilgan. Ushbu hududda 1983-yil iyul oyida havo harorati 50 darajaga yetgan.