Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva yurtimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bosh direktori Jilber Ungbo bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Senat matbuot xizmat xabar berdi.
Foto: Senat.uz
Qayd etilishicha, Jilber Ungbo XMTning O‘zbekiston bilan samarali hamkorligini yuqori baholadi va mamlakatni tashkilotning Maʼmuriy Kengashi aʼzoligiga saylangani bilan tabriklab, Prezident Shavkat Mirziyoyevning kuchli siyosiy irodasi va istagi tufayli mamlakat ulkan taraqqiyotga erishganini alohida eʼtirof etdi.
O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2021–2025 yillarga mo‘ljallangan mamlakat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar natijalari dunyoning ko‘p davlatlari uchun namuna bo‘lishi taʼkidlandi.
Foto: Senat.uz
Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining 112-sessiyasida belgilangan vazifalar hamda Barqaror rivojlanish maqsadlarining ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda 2026–2030 yillar uchun Munosib mehnat dasturi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha fikr almashildi.
Suhbat yakunida mehnat sohasida gender tafovutini kamaytirish va kamsitishga qarshi kurashish, imkoniyati cheklangan shaxslarning bandligini taʼminlash, ular uchun qulay va munosib sharoitlarni yaratish borasida hamkorlikni yana-da rivojlantirishga kelishib olindi.