Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasining umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
"Xalq so‘zi" nashri veb saytida xabar qilinishicha, Prezident qarori bilan tasdiqlangan yoʻl xoʻjaligi tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish doirasida shahar va boshqa aholi punktlari hududlarining oʻzgarishini inobatga olib, Oʻzbekistonning umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari roʻyxatini qaytadan ishlab chiqish va tasdiqlashga qaror qilindi.
Hujjat bilan Oʻzbekiston avtomobil yoʻllarining quyidagi roʻyxatlari tasdiqlandi:
- xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yoʻllari roʻyxati (11 nomdagi umumiy uzunligi 3 833 kilometr);
- davlat ahamiyatiga ega avtomobil yoʻllari roʻyxati (240 nomdagi umumiy uzunligi 14 316 kilometr);
- mahalliy ahamiyatga ega avtomobil yoʻllari roʻyxati (1 818 nomdagi umumiy uzunligi 24 222 kilometr).
Mazkur roʻyxatlar 2025-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
Transport vazirligiga bir oy muddatda umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarida joylashgan koʻprik inshootlari roʻyxatini tasdiqlash topshirildi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2024-yil 5-iyuldan kuchga kirdi.