foto:kun.uz
2024-yilning birinchi yarmida 2389 nafar mansabdor jinoiy javobgarlikka tortildi (+34,3%). Ular, asosan, o‘zlashtirish, talon-toroj qilish, firibgarlik va pora oldi-berdisi bilan bog‘liq jinoyatlarga qo‘l urgan.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 2024-yilning birinchi yarmida mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha ma’lumot berdi.
Infografikaga ko‘ra, 6 oyda 2525 ta jinoyat ishi bo‘yicha 2389 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan (2023-yil birinchi yarimyillikda 1804 ta ish yuzasidan 1778 nafar, +34,3 foiz).
Ularning 23 nafari respublika (2023-yilda 14 nafar edi), 223 nafari viloyat (100), 2143 nafari esa tuman-shahar (1664) miqyosidagi xodimlar sanaladi.
Mazkur jinoyatlardan keltirilgan zarar 2024-yil olti oyida 1 trillion 466 milliard so‘mni tashkil etdi (2023-yilda 879 mlrd so‘m).
Sodir etilgan jinoyatlar turlari
-
1467 nafar — o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish (2023-yilda 1151);
-
191 nafar — firibgarlik (144);
-
158 nafar — pora, unda vositachilik qilish (66);
-
104 nafar — mansab vakolatini suiiste’mol qilish (157);
-
48 nafar — mansab soxtakorligi (34);
-
30 nafar — hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish (14);
-
28 nafar — mansabga sovuqqonlik bilan qarash (23);
-
363 nafar — boshqa jinoyatlar (189).