Javohir Sindorov shaxmat boʻyicha “Titled Tuesday” turniri gʻolibiga aylandi. U musobaqaning kechki bosqichida 11 imkoniyatdan 10 ball toʻplab, oʻz salohiyatini koʻrsata oldi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Sindorovning gʻalaba sari yoʻli bir qancha kuchli shaxmatchilarni magʻlubiyatga uchratgani bilan eʼtiborga molik boʻldi. Uning raqiblari orasida Magnus Karlsen, Aleksey Sarana, Endryus Tang va GothamChess nomi bilan ham tanilgan Levi Rozman ham bor edi.
“Titled Tuesday” turniri Chess.com saytida oʻtkaziladigan mashhur onlayn turnir hisoblanadi. Unda dunyoning turli burchaklaridan “titled”, yaʼni shaxmatda eng kamida sport ustasi unvoniga ega boʻlgan shaxmatchilar orasida “blits” formatda raqobatlashadi. Turnirning mukofot jamgʻarmasi 1600 AQSH dollarni tashkil etadi. Birinchi oʻrin sohibiga 750 AQSH dollar beriladi.
Qayd etish kerakki, 10-sentyabrdan 23-sentyabrgacha Vengriya poytaxti Budapesht shahrida Xalqaro 45-shaxmat Olimpiadasi boʻlib oʻtadi. Ushbu musobaqada Oʻzbekistonning ikkinchi raqamli shaxmatchisi sifatida aynan Javohir qatnashishi mumkin.