Samarqand viloyati Nurobod tumanida “Nexia-3” haydovchisi boshqaruvni yoʻqotib, yoʻl-transport hodisasiga uchradi. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmatiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, hodisa 20-iyul kuni sodir boʻlgan. Shu kuni soat 6:00 larda Nurobod tumani Jarquduq mahallasi hududidan oʻtgan 4R-54 avtomobil yoʻlida Ingichka-Kattaqoʻrgʻon yoʻnalishida ketayotgan “Nexia -3” haydovchisi uxlab qolgan.
Shundan soʻng mashina boshqaruvi yoʻqotilgan va yoʻlning oʻng tomon chetiga chiqib ketib, bir necha marta agʻdarilgan. Oqibatda haydovchi va uning yonida boʻlgan shaxs ogʻir tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Tibbiyot xodimlari tomonidan koʻrsatilgan muolajalarga qaramasdan yoʻlovchi shifoxonada vafot etgan.
Qayd etilishicha, hozirda hodisa yuzasidan Nurobod tumani IIB tergov boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.