So‘g‘d madaniyatiga oid ibodatxona va noyob devoriy suratlar topildi

So‘g‘d madaniyatiga oid ibodatxona va noyob devoriy suratlar topildi

22.07.2024 00:00 O'zbekiston 6

Samarqand arxeologiya instituti mutaxassisi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Alisher Sandiboyev Urgut tumanida topilgan qadimiy ibodatxona va uning noyob devoriy suratlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

O‘zbekiston milliy axborot agentligi tomonidan xabar berilishicha, 2022 yildan buyon Samarqand arxeologiya instituti Urgut tumani Jo‘raptepa qishlog‘i yonidagi Qo‘rg‘ontepa yodgorligida arxeologik tadqiqotlar olib bormoqda. Yaqinda mazkur tadqiqotlar davomida So‘g‘d madaniyatiga oid ibodatxona topildi.

Alisher Sandiboyevning aytishicha, ibodatxona ilk o‘rta asrlarga tegishli bo‘lib, uning tarhi to‘g‘ri to‘rtburchak shaklda va devorlari diniy mavzudagi suratlar bilan bezatilgan.

“Ibodatxona devorlarining saqlanib qolgan balandligi 3 metrni tashkil etadi va unda 5 ta eshik mavjud. Devorlarda yuzi ovalsimon va quloqlari zebu-ziynatlarga boy ma’budaning tasvirlari saqlanib qolgan. Bu tasvirlarda qanotli, ustki qubbasi yarim oy shaklida bo‘lgan toj ham ko‘zga tashlanadi. Shuningdek, ibodatxona devorlaridagi surat parchalarida turli personaj tasvirlari ham uchraydi, bu esa ibodatxonada bir nechta iloh tasvirlanganini ko‘rsatadi" deya ta'kidlagan Alisher Sandiboyev