AOKAda 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan tashkil etilayotgan festival va uning ahamiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov O‘zbekistonda millatlararo va konfessiyalararo totuvlik va o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash, yosh avlodni bag‘rikenglik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ta’kidladi.
Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari millati, tili va dinidan qat’i nazar, teng huquq va erkinliklarga ega ekani belgilab qo‘yilgan. Ularning madaniyati va an’analarini rivojlantirish uchun barcha sharoit yaratilgan.
Keyingi yillarda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yangi, yuqori bosqichga ko‘tarildi. Ma’lumki, BMT Bosh Assambleyasi qaroriga muvofiq 30 iyul butun dunyoda Xalqaro do‘stlik kuni sifatida nishonlanadi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2021 yil 10 fevralda qabul qilingan qonunga muvofiq, bu sana O‘zbekistonda Xalqlar do‘stligi kuni sifatida belgilangan. Joriy yilda Xalqlar do‘stligi kuni doirasida butun respublika bo‘ylab Do‘stlik festivali o‘tkaziladi.
Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan tashkil etilayotgan festivaldan ko‘zlangan asosiy maqsad millatlararo totuvlikni mustahkamlash, xorijiy davlatlar, jumladan, qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro ishonch muhitini rivojlantirish, xorijdagi vatandoshlarimiz bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elat vakillarining madaniyati, tili, milliy an’ana va urf-odatlarini asrab-avaylashda mamlakatlar tajribasi va ilmiy salohiyatini uyg‘unlashtirishdan iborat.
Matbuot anjumanida Do‘stlik festivali doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar xususida ma’lumot berildi.
Ta’kidlash joizki, festival doirasida 29 iyuldan 4 avgustgacha mamlakatimizda turli madaniy, ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-amaliy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Turli ko‘rgazmalar, konsertlar, ma’rifiy anjumanlar, filmlar namoyishi, ijodiy tanlovlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Matbuot anjumanida festival doirasidagi tadbirlar xususida batafsil so‘z yuritildi.