
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva BMT Aholishunoslik jamg'armasining (UNFPA) O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Nigina Abaszade bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Parlament yuqori palatasi ma'lumotiga ko'ra, uchrashuvda O'zbekiston va UNFPA hamkorligining bugungi holati va istiqbollari, jumladan Jamg'arma ko'magida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan loyiha va tadbirlar bilan bog'liq masalalar ko'rib chiqildi.
Muloqot davomida O'zbekiston hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish rejalarini ishlab chiqishda bugungi demografik jarayonlarni hisobga olish, 2025–2026-yillarda aholini ro'yxatga olish bo'yicha hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, zamonaviy texnologiyalarni qo'llash asosida aholi sog'lig'ini saqlash, reproduktiv salomatlikni yaxshilash va kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan loyihalar samaradorligiga erishish yuzasidan aniq takliflar ilgari surildi.
Shu bilan birga, respublikada zo'ravonlikka qarshi kurashish bo'yicha qabul qilingan qonunlarni hayotga tatbiq qilishda ilg'or tajribalardan samarali foydalanish masalasida fikr almashildi, bu borada hamkorlikda alohida chora-tadbirlar ishlab chiqilishi belgilab olindi.