Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida 9−12-avgust kunlari Qozog‘iston, O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonga rejalashtirilgan safarini mamlakatda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan kuchli zilzila tufayli bekor qildi. Tashrif arafasida Toshkent ko‘chalarida O‘zbekiston va Yaponiya bayroqlari osib chiqilgandi.
Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida 9−12-avgust kunlari Qozog‘iston, O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonga rejalashtirilgan to‘rt kunlik safarini bekor qildi, deya xabar berdi Kyodo agentligi.
Bu Yaponiya meteorologiya agentligi tomonidan e’lon qilingan mamlakat janubi-g‘arbidan markaziy qismigacha cho‘zilgan hududda kuchli zilzila sodir bo‘lishi mumkinligi haqidagi ogohlantirish bilan bog‘liq.
Payshanba kuni Yaponiyaning janubi-g‘arbiy qismida 7,1 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi.
Kisida AQShning juma kuni ertalab Nagasaki shahridagi atom bombasining 79 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tinchlik marosimi doirasidagi matbuot anjumanida safarning bekor qilinishini e’lon qildi. Kunning ikkinchi yarmida u Ostonada bo‘lib o‘tadigan Yaponiyaning Markaziy Osiyo davlatlari — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston ishtirokidagi ilk sammitida ishtirok etishi kerak edi.
Yaponiya hukumatiga ko‘ra, payshanba kungi zilzila Miyazaki va qo‘shni ikki prefekturadagi binolarga katta zarar yetkazgan. O‘lim holatlari qayd etilmagan.