O‘zbekiston Afg‘oniston bilan savdo aylanmasini 3 mlrd dollarga yetkazmoqchi

O‘zbekiston Afg‘oniston bilan savdo aylanmasini 3 mlrd dollarga yetkazmoqchi

20.08.2024 00:00 O'zbekiston 4

gNUULG17239600842328_b

Abdulla Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Kobulga bordi. Tashrifda savdo aylanmasini 3 mlrd dollarga yetkazish, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish muhokama qilindi. Afg‘onistonlik tadbirkorlarni O‘zbekistonda faol ishlashi borasida kelishuv imzolandi.

17-avgust kuni bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonga tashrif buyurdi, deya xabar bermoqda bosh vazir matbuot xizmati.

Tashrif doirasida Kobul shahrida Afg‘oniston bosh vaziri v.b. Abdul G‘ani Barodar, uning ma’muriy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul Salom Xanafiy, siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul Kabir va tashqi ishlar vaziri Amir Xon Mutakiy bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi.

Unda davlatlar o‘rtasidagi aloqalar do‘stlik, hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga asoslangani, O‘zbekiston Afg‘onistonga Markaziy Osiyoning uzviy va ajralmas qismi sifatida qarashi qayd etildi.

Uchrashuvlarda Afg‘oniston bilan savdo aloqalarini rivojlantirish, energetika sohasidagi samarali hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, mis, temir, neft-gaz konlarini birgalikda o‘zlashtirish loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, transport-logistika, qishloq va suv xo‘jaligi, ta’lim, hududlararo munosabatlarlarni yanada chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi.

1DknAy17239602460162_l

Shuningdek, o‘zaro savdo aylanmasini 2024-yilda 1 mlrd dollarga, yaqin istiqbolda esa 3 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha barcha imkoniyatlar mavjudligi, buning uchun ishga solinmagan resurslarni o‘zaro manfaatli asosda amaliyotga izchil tatbiq etish lozimligi alohida ta’kidlandi.

Bunda ikki tomonlama investitsiyalarni himoya qilish hamda imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga katta turtki berishi ma’lum qilindi.

 

Abdulla Aripov hamda Abdul G‘ani Barodar afg‘onistonlik va o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Ma’lum qilinishicha, 1-oktabrdan ikki mamlakat o‘rtasida Imtiyozli savdo kelishuvi ishga tushadi. Ushbu hujjat doirasida kelishilgan 14 xil mahsulotga import bojlari bekor qilinadi va eksportyorlar uchun qulaylik yaratiladi.

K79oYB17239602462104_b

Afg‘onistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importini yanada oshirish maqsadida fitosanitar ruxsatnoma berish tartibi yengillashtirildi, deyiladi xabarda.

1-avgustdan Ayritom-Xayraton chegara posti 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazilgan. Xalqaro Termiz savdo markaziga tashrif buyuruvchilar uchun 15 kunlik vizasiz rejim joriy qilinadi va barcha soliqlardan ozod etiladi.

Afg‘onistonlik tadbirkorlarni O‘zbekistonda faol ishlashi uchun ikki davlat o‘rtasida investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi.