Sanitariya-karantin xizmati tomonidan aeroportlarda havo harorati yuqori bo‘lgan yo‘lovchilarni masofadan turib aniqlaydigan teplovizorlar o‘rnatiladi.
O‘zbekiston aeroportlarida maymunchechak kasalligining oldini olish choralari ko‘rilmoqda. Bu haqda “Uzbekistan Airports” xabar berdi.
Ushbu kasallikning yangi shtammi asosan O‘zbekiston bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar orqali bog‘liq bo‘lmagan Afrika mamlakatlarida tarqalmoqda. Ammo shunga qaramay, aeroportlarda ushbu kasallikning oldini olish choralari ko‘rilmoqda.
Jumladan, fuqaro aviatsiyasi obektlarining Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazi bilan birgalikda aeroportlar tibbiyot xodimlari uchun maymunchechak kasalligining etiologiyasi, klinik ko‘rinishi, epidemiologiyasi, diagnostikasi va oldini olish bo‘yicha seminarlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida maymunchechak kasalligining oldini olishga qaratilgan sanitariya-targ‘ibot ishlari kuchaytirilgan.