“Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali doirasida ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtmoqda

“Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali doirasida ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtmoqda

27.08.2024 00:00 O'zbekiston 4

Samarqand shahridagi “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazida “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uygʻunlashuv tamoyillari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya boshlandi.

photo_2024-08-27_16-51-57

“Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali doirasida oʻtkazilayotgan mazkur anjumanda 32 ta xorijiy davlatdan 50 nafardan ziyod musiqashunos, folklorshunos va madaniyatshunos olimlar, shuningdek, nufuzli oliy taʼlim muassasalari rektorlari va ilmiy-ijodiy markazlar rahbarlari qatnashmoqda.

"Xalq so‘zi" nashri veb saytining xabar berishicha, anjuman ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, YUNESKOning Butunjahon merosi markazi direktori oʻrinbosari Xosagraxar Joti Visvesvariya, TURKSOY tashkiloti bosh kotibi Sultan Rayev, Turkiy madaniyat va meros xalqaro fondi prezidenti Aktoti Raimqulova, Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov soʻzga chiqib, konferensiya ishtirokchilarini qutladi.

Konferensiya davomida soha mutaxassislari tomonidan milliy musiqa sanʼatini turkiy davlatlar musiqa madaniyati bilan uygʻunlashtirish, innovatsion taʼlim texnologiyalarini keng joriy etish kabi masalalar muhokama qilinmoqda.

Bu yilgi konferensiya avvalgilari singari yalpi majlisdan iborat boʻlib qolmay, uch shoʻbaga boʻlingan holda ish olib boradi. Shoʻba majlislari davomida milliy mumtoz navolar, maqom namunalari va xalqimizning durdona asarlari taniqli sanʼatkorlar tomonidan jonli ijro etilib, mahorat saboqlari oʻtiladi.

Bundan tashqari, konferensiya doirasida ilk bor Turkiy davlatlar tashkiloti qoshidagi Turk dunyosi sanʼat va musiqa universitetlari ittifoqining yigʻilishi oʻtkaziladi. 2022-yilda tashkil etilgan mazkur ittifoqqa turkiy davlatlardagi oʻndan ortiq sanʼat oliy taʼlim muassasalari aʼzo boʻlgan.

Anjuman doirasida TURKSOY qoshidagi “Turkiy davlatlar sanʼat universitetlari ittifoqi” rezolyutsiyasi qabul qilinishi va turli davlatlar oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik memorandumlari imzolanishi rejalashtirilgan.