Forish tumanidagi Uchquloch poygagohi avtoralli boʻyicha Jizzax viloyati kubogining birinchi bosqich musobaqasiga mezbonlik qildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb saytida xabar berildi.
Foto: xs.uz
“Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi, Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi, viloyat sport hamda transport boshqarmalari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan musobaqada mezbonlar bilan birga qoʻshni Sirdaryo, Samarqand va Navoiy viloyatlaridan 14 ta ekipaj aʼzolari gʻoliblik uchun startga chiqishdi.
Tuproq va qumli marshrut boʻylab 23 kilometrlik masofani bosib oʻtishning oʻzi boʻlmaydi. Bu borada sportchilardan mohirlik, abjirlik va albatta, iroda talab etiladi.
— Musobaqada A-8 sinfidagi avtoulovlarda ishtirok etayotgan poygachilar ilk bor bu maydonda sinovdan oʻtkazilayotir, — deydi “Vatanparvar” tashkiloti Jizzax viloyati kengashi huzuridagi amaliy sport markazi rahbari Shuhrat Hatamov. — Kelajakda poygagoh maydonini 400 kilometrgacha kengaytirish rejalashtirilgan. Bu yerda ishtirokchilar, hakamlar, tomoshabinlar uchun qulayliklar yaratilib, avtoralli boʻyicha qator respublika musobaqalarini oʻtkazish maqsad qilingan.
Yakuniy natijalarga koʻra, samarqandlik Shuhrat Obidjonov va Sayfiddin Muydinovdan iborat ekipaj marraga birinchi boʻlib yetib keldi. Sirdaryolik Elyor Mullajonov, Fayz Joʻraqulov ikkinchi, mezbonlar Jamshid va Xurshid Gʻaniyev ekipaji faxrli uchinchi oʻringa mos natija qayd etishdi.
Gʻolib hamda sovrindorlarga musobaqa tashkilotchilari va homiylarning diplom, medal, esdalik sovgʻalari topshirildi.