Yevropa Ittifoqining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha komissari Yanush Voytsexovskiy 5—6-sentyabr kunlari O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
Komissar Voytsexovskiy tashrifi davomida “Dengizga chiqish yo‘llari bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar: oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanish maqsadlari” mavzusidagi xalqaro forumni ochilish marosimida nutq so‘zlaydi. U bunday mamlakatlarning qishloq xo‘jaligini boshqarish usullari va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Yevropa Ittifoqining sa’y-harakatlari haqida ma’lumot beradi.
Komissar hukumat vakillari, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi. Unda qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, savdo-sotiq istiqbollari va barqaror qishloq xo‘jaligini ilgari surish masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.