Keyingi yillarda viloyatning Xitoy davlati kompaniyalari bilan aloqalari mustahkamlanib bormoqda. Buni ushbu mamlakatning Namanganga investitsiya kiritish istagidagi ishbilarmonlar soni ortib borayotganida ham koʻrish mumkin. Kuni kecha hamkor davlatning “Boi Yi da” kompaniyasi vakillari hududda misni qayta ishlash zavodi qurish boʻyicha loyiha taklifi bilan keldi. Viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov xorijlik mehmonlarni qabul qildi.
Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Qayd etilishicha, Xitoy kompaniyasi rahbari tavsiya etgan loyihaga koʻra, ish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich 40 million dollar atrofida boʻlib, ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Mahsulotlarni toʻliq eksportga chiqarish koʻzda tutilgan.
Aytish joizki, Chust tumani hududidagi mis konlarini ishlab chiqarishga yoʻnaltirish borasida xorij kompaniyasi taklif etgan loyiha eʼtiborga molik. Ikki tomonlama manfaatli kelishuvlarga erishilishi mis zaxiralarini qazib olish va qimmatbaho metallni samarali tasarruf qilishning istiqbolli rejalarini natijaga aylantiradi.