Otabek Umarov OOK vitse-prezidentligiga saylandi

Otabek Umarov OOK vitse-prezidentligiga saylandi

09.09.2024 00:00 O'zbekiston 4

Ayni paytda Hindistonning Nyu-Deli shahrida Osiyo Olimpiya kengashi (OOK)ning 44-Bosh Assambleyasi oʻtkazilayotgani haqida xabar bergan edik. Assambleya kun tartibiga muvofiq, tashkilotning rahbarlik lavozimlariga saylovlar boʻlib oʻtdi. Tashkilotni vaqtinchalik boshqarib borayotgan Raja Randxir Singx OOK Prezidenti etib saylandi. Shuningdek, 5 ta mintaqaga vitse-prezidentlar ovoz berish yoʻli bilan aniqlab olindi.

Otabek Umarov Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Eron va Afgʻonistondan iborat Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha tashkilot vitse-prezidenti etib saylandi.

78b3fe1c2eb36626403a6b532e5894900909

Bungacha Otabek Muhammadaliyevich muddati qisqa boʻlgan davr – Toshkent-2025 yoshlar Osiyo oʻyinlarini oʻtkazish boʻyicha vitse-prezident edi. Bu vaqtinchalik lavozim musobaqa yakunigacha amal qilsa, Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse-prezidentlik doimiy xarakterga ega va endi hamyurtimiz butun qitʼamizdagi 5 mintaqadan birida Olimpizm rivojiga masʼul boʻladi.

Qayd etish joiz, Otabek Umarovning soʻnggi yillarda sport boshqaruvida erishgan muvaffaqiyatlari alohida eʼtirof etilib, bugun yanada masʼuliyatli lavozimga saylandi va endi u butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi Olimpizm harakatining rivojiga masʼul boʻladi.

Tadbirda soʻz olgan Otabek Muhammadaliyevich qitʼamiz sporti jahonda yanada katta eʼtirofga sazovor boʻlayotgani, buning isboti oʻlaroq Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarida Osiyoning 4 davlati TOP-15 talikdan joy olgani, Prezidentimizning sportni qoʻllab-quvvatlashlari bilan Oʻzbekiston oʻz tarixida eng yaxshi natijani qoʻlga kiritganini alohida taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, bildirilgan ishonchni oqlashga, mintaqada Olimpizmning pok va ezgu gʻoyalarini yanada keng targʻib qilishga vaʼda berdi.