O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qashqadaryo viloyatini 2024-2025-yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida 2024 – 2030-yillarda viloyatdagi 11 ming kilometrdan ziyod tuproq oʻzanli xoʻjaliklararo irrigatsiya tarmoqlarini toʻliq betonlashtirish yoki ularni lotok tizimlari va yopiq quvurlarga oʻtkazish belgilangan.
"Xalq so‘zi" nashri veb saytining xabar berishicha, viloyatda xoʻjaliklararo va ichki suv tarmoqlarini betonlashtirish boʻyicha keng miqyosli qurilish, taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Jumladan, shu kunga qadar 9 ta kanallarni betonlash boʻyicha respublika byudjetidan ajratilgan 100 milliard soʻm mablagʻ toʻliq oʻzlashtirilib, 50,6 kilometr kanallar betonlashtirildi. 28,3 kilometr qismi rekonstruksiya qilindi. 7 ta kanalda rejadagi ishlar yakunlandi. Oʻz navbatida agroklasterlar va fermer xoʻjaliklari tomonidan 857 kilometr ichki sugʻorish tarmoqlari betonlashtirildi.

Foto: xs.uz
Yaqinda bu boradagi ishlarga Xitoyning “CITIC Construction” va “China CAMC Enginiring Co., Ltd” kompaniyalari ham jalb etildi.
Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi masʼullari bergan maʼlumotga koʻra, Chin yurti vakillari bilan viloyatning 11 ta tumandan oqib oʻtuvchi 26 ta, umumiy uzunligi 319,9 kilometr boʻlgan kanallarni betonlashtirish boʻyicha kelishuvga erishilgan.

Foto: xs.uz
Xitoylik quruvchilar ishni Koson tumanidagi “R-21” hamda “R-25” kanallarini betonlashtirishdan boshlashdi.
— “R-21” kanalimizning foydalanishga topshirilganiga 51-yil boʻldi, — deydi kanal boshligʻi Dilshod Hasanov. — Oʻtgan yillar mobaynida ushbu kanal nihoyatga taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan. Bu juda koʻp suv isrofiga sabab boʻlayotgan edi. Birgina ushbu kanalning toʻliq betonlashtirilishi natijasida har yili 2 million 130 kub metr suvni iqtisod qilish imkoni paydo boʻladi.