Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanaliga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Qayd etilishicha, nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash boʻyicha vakolatlar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi oʻrtasida taqsimlanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, Qonun bilan bir qator qonun hujjatlariga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining, Sport vazirligining, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining nomlanishi va vakolatlari, shuningdek Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining nomlanishi aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritildi.
Bundan tashqari, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻrta maxsus, professional, oliy taʼlimni hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni amalga oshiruvchi davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlarini tashqi baholashning yangi tizimi joriy etilishini, kadrlarning malakasini oshirish hamda ularni qayta tayyorlashni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritildi.