Xabaringiz bor, 2023-yil 16-20-oktyabr kunlari Samarqandda oʻtkazilgan Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi doirasida Xalqaro turizm akademiyasi tashkil etilgan. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Foto: xs.uz
Qayd etilishicha, ayni paytda amaliy tashrif bilan yurtimizda boʻlib turgan BMT Turizm bosh kotibi Zurab Pololikashvili Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamrohligida Samarqand shahridagi Xalqaro turizm akademiyasi bilan tanishdi.
Ushbu akademiyaning oʻquv dasturi Shveysariya mehmondoʻstlik maktablari tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Trening chet ellik maslahatchilar tomonidan olib boriladi.
Oʻzbekiston akademiyaga oʻquv dasturlarini mahalliy sharoitga moslashtirish va koʻpaytirish, oʻqituvchilarga trening oʻtish, ularning malakasini oshirish dasturlari orqali mentorlar tayyorlash, loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, talabalarni ishga joylashtirish kabi masalalarda koʻmaklashadi.
Akademiyada turizm sohasi tadbirkorlik subyektlari buyurtmalariga koʻra, bir yilda bir necha marotaba taʼlim guruhlari shakllanishi bilan oʻquv kurslari tashkil etiladi. Xalqaro turizm akademiyasi 3-yilda 2740 nafar oʻrta boʻgʻin mutaxassislarini qayta tayyorlaydi.