Bosh Prokuratura tomonidan yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika va hududiy shtablar tomonidan energiya resurslarni talon-toroj qilinishini fosh etishga qaratilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda.
Xususan, Namangan shahrining “Zarbdor” mahallasi hududida yakka tartibdagi tadbirkor o‘ziga qarashli savdo do‘konidagi elektr qurilmalarini tijorat maqsadida hisobga olish uskunasidan tashqari o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulab, jami 426,3 mln. so‘mlik 157,9 ming kVt. soat elektr energiyasini o‘g‘irlagan.
Mazkur holat yuzasidan yakka tartibdagi tadbirkorga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a”-bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi prosessual tartibda ushlangan.