BAAda o‘tgan boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida O‘zbekiston U-16 jamoasidan 23 nafar sportchi qatnashib, ularning barchasi medallarga ega chiqdi: 14 ta oltin, 6 ta kumush, 3 ta bronza. 14 yoshgacha bo‘lgan bokschilar esa 10 ta medalni qo‘lga kiritdi: yarmi kumush, qolgan yarmi bronza.
Birlashgan Arab Amirliklarining (BAA) Al-Ayn shahrida boks bo‘yicha 14 va 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston U-16 terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Undan keyingi o‘rinni Hindiston terma jamoasi oldi, uchlikni Qozog‘iston o‘smirlar terma jamoasi yakunlab bergan. O‘zbekiston boks federatsiyasi sovrindor sportchilarning ro‘yxatini e’lon qildi.
Musobaqada O‘zbekistondan 23 nafar sportchi qatnashgan bo‘lsa, ulardan 14 nafari oltin medal oldi. Shuningdek, yana 6 nafar bokschi kumush va 3 nafar sportchi bronza medaliga ega chiqdi.