Toshkent viloyati Chirchiq shahrida haydovchining ehtiyotsizligi oqibatida “Spark” kanalga tushib ketdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmatiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 22-sentyabr kuni soat 20:40 atrofida “Spark” harakatlanib ketayotgan vaqtda haydovchining ehtiyotsizligi oqibatida Chirchiq shahar M.Ulugʻbek MFY hududidan oqib oʻtuvchi Zax kanaliga tushib ketgani boʻyicha FVBga xabar tushgan.
“Shunga koʻra Chirchiq shahar favqulodda vaziyatlar boʻlimi qutqaruvchilari aytilgan manzilga yetib borib, hamkorlikdagi xizmatlar bilan maxsus texnika va asbob-anjomlar yordamida avtomobil kanaldan chiqarib olindi”, deyiladi xabarda.
Maʼlum boʻlishicha, hodisa vaqtida avtomobilda haydovchining oʻzi boʻlgan. U mashina suvga tushgan vaqtda oʻz harakatlari bilan quruqlikka chiqib olgan. Manbaga koʻra, hodisa oqibatida vafot etgan va tan jarohati olganlar yoʻq.