O‘zbekistonda Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Toshkentdagi tantanali qabulga parlament a’zolari, vazirlik va idoralar vakillari, xorijiy mamlakatlarning diplomat va elchilari, xitoylik ekspertlar, jurnalistlar taklif etildi.
— 75 yil tarixiy mezon bilan bir lahzadir. Ammo Xitoy xalqi uchun bu ulkan o‘zgarishlar davri”, — dedi qutlov so‘zi bilan chiqqan Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yuy Szyun.
Diplomat qanday o‘zgarishlar haqida gapiryapti? Ularni quyidagi ko‘rsatkichlar yaxshi ko‘rsatib beradi: 1952-2023-yillar oralig‘ida Xitoyning yalpi ichki mahsuloti 223 barobar oshib, 17,8 trillion dollarga yetdi. Mamlakatning jahon iqtisodiyotidagi ulushi ortdi.
Xitoyning global iqtisodiy o‘sishga qo‘shgan hissasi bir necha yil ketma-ket 30 foizdan oshdi va bu mamlakatni jahon iqtisodiyotining muhim harakatlantiruvchi va barqarorlashtiruvchi kuchiga aylantirdi. Chin yurti qashshoqlikka qarshi kurashda g‘alaba qozonib, 100 millionga yaqin qishloq aholisini qashshoqlikdan olib chiqdi. Bu tajriba mamlakatimizda keng o‘rganilib, O‘zbekiston-Xitoy hamkorligining keng ko‘lamli jabhalaridan biriga aylangan.
“Xitoy Raisi Si Szinpin va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning rahbarligida Xitoy-O‘zbekiston munosabatlari tarixiy yuksalishda va yangi davrda har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi, – dedi Yuy Szyun.
U O‘zbekiston bilan “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi va Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi integratsiyasini chuqurlashtirish, hamkorlikning muhim loyihalarini faol ilgari surish, iqtisodiyot, savdo sohalarni modernizatsiya va takomillashtirishga ko‘maklashish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyorligini ta’kidladi.
Kechki dasturda konsert boʻlimi ham boʻlib, yigʻilganlar Xitoydan maxsus taklif etilgan ijodiy guruhning chiqishlarini tomosha qilishdi.
Tadbirda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etdi.
Shuningdek, Samarqandda ham Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganining 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
U Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) tomonidan Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida “Ipak yo‘li Samarqand” sayyohlik markazining “Abadiy shahar” majmuasida tashkil etildi.
– Xitoy va O‘zbekiston munosabatlari tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi, – dedi tadbirda ishtirok etgan Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun. — Ikki tomonlama aloqalar, ayniqsa, Buyuk Ipak yo‘lining gullagan davrida jadal rivojlandi. Hozirgi bosqichda savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalar ikki davlat rahbarlarining tashabbuslari tufayli sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritish bo‘yicha Xitoy yetakchilik qilmoqda. Buning samarasida mashinasozlik, energetika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar kabi sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari rivojlanmoqda.
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lining qurilishi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shimcha turtki berishi alohida ta’kidlandi.
Tadbir doirasida Yuy Szyun talabalar, Samarqand viloyati hokimligi va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashdi.
Gansu viloyati raqs teatrining “Maftunkor ipak yo‘li” siklidan eng yaxshi chiqishlari, “Ming buddaning oltin nuri”, “Gullarni sochayotgan uchuvchi apsarlar” kabi kompozitsiyalari tadbirning unutilmas voqeasi bo‘ldi.
Qayd etish kerak, Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topgan kun 1 oktyabrda keng nishonlanadi. 1949-yilning aynan shu kuni poytaxt Tyananmenning bosh maydonida Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganligi e’lon qilindi. 1949-yil 2-oktabrda markaziy hukumat 1-oktabrni milliy bayram deb e’lon qilgan.