Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Farhod” chegara bojxona posti xodimlari hamda Kontrabandaga qarshi kurashish guruhi tezkor xodimi tomonidan Bekobod shahar DXX tezkor xodimlari bilan hamkorlikdagi harakatlari natijasida 400 dona toshbaqalarni yashirincha olib chiqishga boʻlgan urinish toʻxtatib qolindi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb saytida xabaar qilindi.
Foto: xs.uz
Ushbu chegara-bojxona postiga piyoda holda kirib kelgan ikki nafar fuqaro yuklari bojxona koʻrigidan oʻtkazilganida ogʻzaki soʻrovda maʼlum qilinmagan. Hech qanday hujjatlari boʻlmagan 153 dona toshbaqalar borligi aniqlandi. Shundan soʻng olingan maʼlumotlar asosida bojxona xodimlari tomonidan tadbir davom ettirilib, “Farhod” chegara bojxona post atrofida toʻxtab turgan avtotransport vositasini xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida, avtotransport vositasining yukxonasi hamda salon qismining orqa oʻrindigʻida 4 dona qutilarga joylashtirilgan 247 dona toshbaqalar topildi.
Mutaxassislarni maʼlum qilishicha, togʻ va choʻl sharoitlarida yashashga moslashgan ushbu tur jonivorlar tabiiy populyatsiyani saqlab qolish uchun Qizil kitobning yangi nashriga kiritilgan. Ayni paytda 400 dona Oʻrta Osiyo toshbaqalari, Bekobod shahar ekologiya atrof-muhitni muhofaza qilish boʻlimiga vaqtincha saqlashga topshirildi. Keyinchalik ularni tabiatga qoʻyib yuborish rejalashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom etmoqda.