Namanganda yuzlab avtomobillar davlat ro‘yxatidan noqonuniy o‘tkazilgani aytilmoqda

Namanganda yuzlab avtomobillar davlat ro‘yxatidan noqonuniy o‘tkazilgani aytilmoqda

05.10.2024 00:00 O'zbekiston 4

avtomobil

Vodiy viloyatlarida mashinalarni noqonuniy ravishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh qo‘lga olingan. Ular orasida YHXB xodimlari ham bor. Ulardan biri viloyat ichki ishlar tizimida yuqori lavozimda ishlovchi mansabdorga haydovchilik qilgani aytilmoqda.

Namanganda avtomobillarni noqonuniy ravishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazib kelgan jinoiy guruh aniqlangan. Ular bu faoliyatni butun vodiy viloyatlari bo‘yicha amalga oshirib kelgan. Jinoiy guruhning ayrim a’zolari hozirda qamoqqa olingan va ish respublika darajasida tergov qilinmoqda. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Ushbu jinoyatni sodir qilishda gumonlanib qamoqqa olingan shaxslar orasida YHXB xodimlari ham bor. Jumladan, ulardan biri Namangan viloyati IIB YHXBda ishlagani va bir vaqtning o‘zida viloyat ichki ishlar tizimidagi yuqori lavozimda ishlovchi mansabdorga haydovchilik qilgani aytilmoqda.

Noqonuniy ravishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan transport vositalari soni vodiy bo‘yicha bir necha yuzni tashkil qiladi. Gumonlanuvchilar auksion savdolariga chiqarilishi kerak bo‘lgan transport vositalarini, chet ellardan, jumladan, Qirg‘izistondan olib kelingan mashinalarni “rastamojka”siz davlat ro‘yxatidan o‘tkazib yuborgan. Ya’ni O‘zbekistonda ro‘yxatga olinmagan transport vositalariga davlat raqami hamda “texpasport” to‘g‘rilab berishgan. 

Fuqarolarning qo‘shimcha qilishicha, transport vositasi tergov doirasida olib ketilganlar ancha ko‘p.

Gumonlanuvchilar soni va ularga Jinoyat kodeksining qaysi moddasi bilan ayblov qo‘yilayotgani hozircha aniq emas.