MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi bo’lib o‘tdi

MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi bo’lib o‘tdi

08.10.2024 00:00 O'zbekiston 4

photo_2024-10-07_20-20-17-iBc29G2E

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 7-oktyabr kuni Moskva shahrida MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishida ishtirok etdi

Vazirning bildirishicha, unda 8-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan MDH sammitiga yakuniy tayyorgarlik jarayonlari muhokama qilindi.

“Hamdo‘stlikning barcha mamlakatlari bir-birini birlashtiruvchi mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladigan uzoq yillik tarixiy aloqalarga ega. Shunday bo‘lsa-da, barcha sohalarda, ayniqsa, iqtisodiy hamkorlikni oshirishda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish uchun keng imkoniyatlarni ko‘rib turibmiz”, deb yozdi Baxtiyor Saidov.

Uning qayd etishicha, transport bog‘liqligini mustahkamlash, savdo uchun eng qulay muhitni yaratish, dunyo bo‘ylab kuchayib borayotgan mojarolarni hal qilish, tinchlik va farovonlik uchun kuchlarni birlashtirish hamda mintaqaviy va global miqyosdagi dolzarb masalalar e’tibor markazida bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev 7-oktyabr kuni Moskva shahriga yetib borgan, 8-oktyabr kuni MDH sammitining asosiy tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda

MDH Ijroiya qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 8-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan sammitda Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlik, 1941−1945-yillardagi g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan MDH mamlakatlari xalqlariga va jahon jamoatchiligiga murojaat, MDH Parlamentlararo assambleyasining integratsion hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha faoliyati va boshqa masalalar muhokama qilinadi.

Davlat rahbarlari yaqin uch yilga mo‘ljallangan hamdo‘stlikning madaniy poytaxtlarini e’lon qilish to‘g‘risidagi qarorlarni imzolaydi, huquqiy sohadagi hamkorlik hamda xavfsizlikni ta’minlash sohasiga oid qator hujjatlarga tuzatishlar kiritadi.