Prezident farmoni bilan Abror Mirzo Olimov Markaziy bank raisi oʻrinbosari etib tayinlandi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmatiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Abror Mirzo Olimov zimmasiga xalqaro hamkorlik, valyutani tartibga solish, xalqaro zahiralarni boshqarish, qimmatbaho metallarni saqlash va ular bilan ishlash, moliya-iqtisodni yuritish, amaliyot faoliyatiga rahbarlik vazifalari yuklatildi. Shuningdek, u Respublika Valyuta birjasi ishini muvofiqlashtiradi.
Abror Mirzo Olimov 1988-yilda tugʻilgan. 2010-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bakalavr, 2012-yilda magistratura bosqichini tamomlagan. 2020-yilda Xitotsubashi universitetining (Yaponiya) magistratura bosqichini tamomlagan. U bank tizimida 10-yillik ish tajribasiga ega.
Olimov 2019-yildan buyon mazkur lavozimda ishlagan Bobir Abubakirovning oʻrnini egalladi. Tayinlovga qadar u Markaziy bankning Valyutani tartibga solish va toʻlov balansi departamenti direktori lavozimida ishlab kelayotgandi.