Yangi Buxoro aeroporti shahar markazidan 26 km uzoqlikda joylashadi. Bu haqda Uzbekistan Airports rahbari Javlonbek Umarxo‘jayev "O‘zbekiston 24" telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Shavkat Mirziyoyev 9 oktyabr kuni Buxoro shahridagi yangi xalqaro aeroport loyihasi taqdimoti bilan tanishdi. Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mavjud aeroport aholi va sayyohlar talabiga javob bermaydi.
31 may kuni prezidentning viloyatga tashrifi chog‘ida Buxoro viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishi boshlangan. Loyiha doirasida davlat-xususiy sheriklik asosida xalqaro standartlarga javob beradigan infratuzilma yaratiladi, deyiladi xabarda.
Aeroport soatiga 1200 yoki yiliga 3 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yo‘lovchilar va havo kemalariga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish orqali yangi xalqaro aviakompaniyalarni jalb etish rejalashtirilmoqda.
Taqdimotda loyihaning texnik-iqtisodiy jihatlari haqida maʼlumot berildi.
Davlat rahbari yangi aeroportning o‘tkazish qobiliyatini ikki barobar oshirish, soatiga 8 ta samolyotni qabul qilish va jo‘natish imkoniyatini yaratish zarurligini taʼkidladi. Shuningdek, terminalda sharoitlar yaratish, uning ichki va tashqi ko‘rinishi bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Uzbekistan Airports rahbari Javlonbek Umarxo‘jayevning aytishicha, yangi aeroport Buxoro shahri markazidan 26 km uzoqlikda joylashadi. Uni qurish uchun 307 gektar yer ajratilgan (viloyat hokimiga ko‘ra, 380 gektar).
"Bu hududni tanlab olish uchun Uzbekistan Airports va tegishli tashkilotlar tomonidan qariyb 1200 gektar maydonda o‘rganish olib borildi. Bu, avvalambor, geologiya, gidrogeologiya o‘rganishlari va ularning natijasida qurilishni amalga oshirish uchun eng maqbul bo‘lgan va normalarga to‘g‘ri keladigan yer qatlami, yer osti suvlari darajasi pastligi bo‘yicha maqbul yer uchastkasi tanlab olindi", — dedi u.
Kompaniya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, xorijlik konsultantlar bilan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini (TIA) ishlab chiqish bo‘yicha ishlar yakunlanmoqda.
Bundan tashqari, aviatsiya bilan bog‘liq bo‘lmagan faoliyat turlarini, jumladan, duty-free do‘konlar va savdo obyektlarini tashkil etishni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovning maʼlum qilishicha, yangi aeroportdan Buxoro shahri markazigacha bo‘lgan 26 kilometrlik yo‘l bo‘ylab savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari qurilishi rejalashtirilgan.
Uning aytishicha, Buxoro viloyatida turizmdan tushgan valyuta tushumi 450 mln dollarni tashkil etadi. Aeroport qurilishi va sayyohlar oqimining ko‘payishi hisobiga bu ko‘rsatkichni 300 ming ish o‘rni yaratish hisobiga 1 mlrd dollarga yetkazish reja qilinmoqda.