“Koronavirus «COVID-19”: biologiyasi, etiologiyasi va fiziologiyasi»: OʻzMUda xalqaro konferensiya oʻtkazildi

“Koronavirus «COVID-19”: biologiyasi, etiologiyasi va fiziologiyasi»: OʻzMUda xalqaro konferensiya oʻtkazildi

11.10.2024 00:00 O'zbekiston 4

“Koronavirus «COVID-19”: biologiyasi, etiologiyasi va fiziologiyasi» Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida shu mavzuda Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi. Unda dunyoning 20 ta davlatidan olim va mutaxassislar bevosita va onlayn tarzda ishtirok etishdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

0760069fc3f7909fd81cde5dacd5764a1011

Foto: xs.uz

Maʼlumki, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlarida qayt etilganidek, 2019-2024-yillarda dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida “COVID-19” roʻyxatga olingan boʻlib, 700 milliondan ortiq bemorlarda kasallik aniqlangan. Afsuslanarlisi shundaki, ulardan 7 million nafari olamdan oʻtgan. Mamlakatimizda zarur choralar koʻrilishiga qaramasdan 260 mingdan ortiq bemor koronavirusga chalindi va 1637 nafari vafot etdi. Konferensiyada olimlar shu xususda fikr yuritar ekan, bu kasallik xavfi hali ham mavjudligini aytishib, uning oldini olish, aholi oʻrtasida tibbiy madaniyatni rivojlantirish ham turli koʻrinishda namoyon boʻlayotgan yuqumli kasalliklarga qarshi kurashda vaksinalar ishlab chiqarish borasida fikr almashishdi.

Anjumanda mamlakatimizda Prezidentimizning tegishli qarorlari asosida koronavirus kasalligi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, davolash boʻyicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgani oʻzining ijobiy samaralarini bergani haqida ham fikrlar bildirildi. Xususan, respublika boʻylab 200 ga yaqin PZR apparatlari bilan jihozlangan virusologik laboratoriyalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, “COVID-19” ga qarshi emlash tadbirlari olib borilib, 65 million dozaga yaqin vaksinalardan foydalanildi. Mamlakatimizda “COVID-19” kasalligiga qarshi kurashda olimlar jamoasi ham oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda. Koronavirusga qarshi vaksinalar yaratildi, kasallikni diagnostika qiluvchi test sistemalari ishlab chiqildi.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning universitetda anʼanaviy ravishda ikkinchi marta oʻtkazilayotgani taʼlim muassasasini dunyo miqyosida obroʻ eʼtibori tobora oshib borayotganidan dalolat beradi. Haqiqatda soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Milliy universitetida fiziologiya sohasida, yaʼni aholi salomatligini saqlash va sogʻlomlashtirishning eng muhim masalalari doirasida amaliy va innovatsion loyihalar amalga oshirilmoqda. Fiziologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish va muvofiqlashtirish uchun universitet tarkibida Fiziologiya ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilgani ham dunyo miqyosida eʼtirof etilmoqda.

Konferensiyada aholi salomatligini saqlash boʻyicha yuzaga kelayotgan muammolar va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar hamda sohani rivojlantirishdagi ustuvor masalalar keng muhokama qilindi.