Poytaxtimizdagi «O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyi»da O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik Kengashi qarori bilan mamlakatimiz taraqqiyoti, yurt ravnaqi, jamiyatimiz rivoji yo‘lida faol mehnat qilgan, hozir ham jamoatchilik ishlarida namuna bo‘layotgan yoshi ulug‘ yurtdoshlarimizga “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston milliy axborot agentligi xabar berdi.
Foto: Uza.uz
Qayd etilishicha, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Qahramoni, senator Sodiqjon Turdiyev, mazkur jamg‘arma boshqaruvi raisining o‘rinbosari, ustoz jurnalist Sharof Ubaydullayev keksalarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ta’kidladi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2017 yil 14 iyuldagi “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori asosida har yili “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik Kengashi tomonidan uzoq va samarali mehnat qilgan, el-yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan yurtdoshlarimiz “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlab kelinmoqda.
Tantanali tadbirda “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni o‘z egalariga tantanali tarzda topshirildi. San’at ustalari ishtirokida katta konsert dasturi namoyish etildi.