Qo‘ng‘irot – Beyneu avtomobil yo‘lining yangidan qurilgan 240 kilometr qismi foydalanishga topshirildi.

Qo‘ng‘irot – Beyneu avtomobil yo‘lining yangidan qurilgan 240 kilometr qismi foydalanishga topshirildi.

26.10.2024 00:00 O'zbekiston 5

mirziyoyev

25-oktyabr kuni Qo‘ng‘irot – Beyneu avtomobil yo‘lining yangidan qurilgan 240 kilometr qismi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan marosimda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi

Bu yo‘l mamlakatni Yevropa davlatlari bilan bog‘laydigan strategik avtomagistraldir. Lekin uzoq yillik qatnovlar, Orolbo‘yining keskin kontinental iqlimi tufayli yaroqsiz ahvolga kelib qolgandi. Shu bois 2021—2024-yillarda 323 million dollarlik loyiha evaziga zamonaviy qilib qayta qurildi.

Davlat rahbari marosimda ushbu yo‘lning ahamiyatini alohida qayd etdi.

“Endi mamlakatimiz hududlaridan xalqaro tashuvlar masofasi 1 ming kilometrgacha, transport xarajatlari esa 25 foizgacha kamayadi. Bu yo‘l yurtimizni Kaspiy va Qora dengiz portlari orqali Yevropa bozorlari bilan ishonchli bog‘laydigan logistika tarmog‘iga aylanadi. Yana bir muhim jihati – “A-380” xalqaro yo‘lagining O‘zbekistondan o‘tgan qismida kunlik transport qatnovi 3 karra oshadi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yo‘l jahon standartlariga har tomonlama mos, tekis va ravon. U avvalo xalq, qolaversa, xorijiy turistlar va yuk tashuvchilarga qulay va xavfsiz harakatlanish imkonini beradi.

Avvalroq “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” xalqaro avtomobil yo‘lining boshqa qismlari taʼmirlangan edi. Shu yil 29-fevral kuni Amudaryo ustida Qoraqalpog‘iston bilan Xorazmni bog‘laydigan yangi ko‘prik ochildi. Bunday ishlar odamlar harakatiga qulaylik yaratib, iqtisodiy faollik oshishiga, tadbirkorlik rivojlanishiga ham qo‘shimcha turtki bo‘ladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi yo‘l atrofida 200 dan ziyod savdo-servis obyekti va sanoat korxonasi paydo bo‘ladi. Shuning hisobidan dastlab 2 mingta, kelgusida esa yana 5 mingta ish o‘rni tashkil qilinadi. Shu tariqa, Qoraqalpog‘istonda tranzit va boshqa xizmatlar hajmi yiliga 200 million dollarga, mamlakat eksporti esa kamida 300 million dollarga oshishi uchun mustahkam zamin yaratiladi.

Ushbu magistral yo‘l o‘tadigan To‘rtko‘l, Ellikqalʼa, Beruniy, Nukus, Xo‘jayli, Shumanay, Qonliko‘l, Qorao‘zak va Qo‘ng‘irot tumanlaridagi 1 milliondan ziyod aholi hayoti o‘zgaradi.

Prezident mazkur loyihada ishtirok etgan quruvchi va ishchilarga, Osiyo taraqqiyot bankiga, Turkiya, Ozarbayjon va xitoylik pudratchilarga, Janubiy Koreya va italiyalik konsultantlarga minnatdorlik bildirdi.

Mazkur 240 kilometr yo‘lning ikki tomoni – Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumani hamda “Dovud ota” bojxona postida hozir bo‘lganlar teleko‘prik orqali aloqaga chiqdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev mamnuniyat bilan yo‘lning ochilishiga ruxsat berdi. Ushbu quvonchli voqea bilan barchani muborakbod etdi.