Toshkent tumanidagi 43 mingga yaqin xonadon va bir qator tashkilotlarda tabiiy gaz taʼminoti vaqtincha toʻxtatiladi. Bu haqda “Toshkenttumangaz”ga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Bildirilishicha, 1-noyabr, juma kuni tumanda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan bir meʼyorda taʼminlash maqsadida gaz tarmoqlaridagi yozgi diafragmalarni qishki diafragmalarga almashtirish ishlari olib boriladi.
Shu sababdan hududdagi 42 948 ta xonadon, 610 ta ulgurji tashkilot va 41 ta ijtimoiy soha obyektlarida 1-noyabr kuni soat 8:00 dan 18:00 ga qadar gaz taʼminoti vaqtinchalik toʻxtalishi belgilangan.
Aytish joiz, “Toshkenttumangaz” dastlab eʼlon qilgan xabarida ishlar 30-oktyabr kuni amalga oshirilishini yozgandi. Mazkur xabarda gaz taʼminoti 80:00 dan ishlar yakunlanguniga (nomaʼlum muddat) qadar davom etishi qayd etilgan edi.