Oʻzbekistonlik isteʼdodli yosh himoyachi Abduqodir Husanov Fransiya chempionatining eng yaxshi yosh futbolchisi deb topildi. Bu haqda “Liga 1”ning rasmiy sahifasiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, “Lans” klubi himoyachisi Fransiya chempionatida oktyabr oyining “Eng yaxshi yosh futbolchisi” deb topildi. Abduqodir muxlislar orasida oʻtkazilgan soʻrovnomada katta ustunlik bilan gʻalaba qozondi. Qayd etish kerakki, Husanov bunday unvonga ega boʻlgan birinchi oʻzbek futbolchisi boʻldi.
Husanov mukofotni yutish uchun nomzodlar safida Jonatan Rou (“Marsel”) va Malik Fofana (“Lion”) ham bor edi. Abduqodir soʻrovnomada 47 foiz ovoz oldi. Rou va Fofana esa mos ravishda 28 foiz va 25 foiz ovoz toʻplashdi.
Oktyabr oyida 20 yoshli futbolchi “Lans” safida barcha 3 oʻyinda toʻliq harakat qildi va “Sofascore” talqiniga koʻra oʻyinlarda oʻrtacha 7 ball oldi. Joriy mavsumda Abduqodir klub safida 11 oʻyinda qatnashdi.
Maʼlumot uchun, yosh himoyachi Futbol tarixi va statistikasi xalqaro federatsiyasi (IFFHS) 2004-yil 1-yanvardan keyin tugʻilgan futbolchilar orasida dunyoning “Eng yaxshi yosh futbolchisi” boʻlishga daʼvogar boʻlgan 25 futbolchi roʻyxatiga kiritildi.