O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev Xalqaro Yevroosiyo Fanlar akademiyasi akademigi, Xitoyning Chjeszyan texnologiya universitetining Geoinformatika kolleji rahbari, professor Chen Shi, Xitoy Fanlar akademiyasi akademigi, Yer tizimi fanlari universiteti rektori professor Liu Songkiang, Chjeszyan texnologiya universiteti Geoinformatika kolleji dekani, professor Chen Tieming bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Foto: Gov.uz
Uchrashuv chog‘ida 2024-yilning 8-11-noyabr kunlari Xitoyning Chjeszyan provinsiyasi Xanchjou shahriga tashrif doirasida Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti va Chjeszyan texnologiya universiteti o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida suv xo‘jaligi sohasidagi ilmiy hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berganligi qayd etildi.
Memorandumga asosan Chjeszyan texnologiya universitetida “Markaziy Osiyoda fazoviy-vaqt kuzatuvlari va barqaror rivojlanish xalqaro qo‘shma laboratoriyasi” ochildi.
Qo‘shma laboratoriyada bugungi global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslari boshqaruvida innovatsiyalar joriy qilish, sun’iy intellektdan foydalanib ta’lim, fan, ishlab chiqarish va zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirishning yangi modelini yaratishga oid yangi izlanishlar olib boriladi.
Uchrashuvda mazkur laboratoriya filialini Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutida tashkil etish, suv xo‘jaligi ob’ektlarini avtomatlashtirish va raqamli boshqarish tizimini joriy qilish va masofadan zondlash monitoringi bo‘yicha hamkorlik qilish bo‘yicha fikr almashildi.