Akbar Sultonov “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi raisi lavozimiga tasdiqlandi. Bu haqda uyushma matbuot xizmatiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Foto: “Oʻzcharmsanoat”
Qayd etilishicha, kecha, 25-noyabr kuni “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi va unga aʼzo tadbirkorlik subyektlarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi boʻlib oʻtgan.
Unda tashkiliy masalalar koʻrib chiqilgan. Yigʻilishda uyushmaga aʼzo korxonalar tomonidan “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi raisi lavozimiga Akbar Sultonov bir ovozdan tasdiqlangan. Shuningdek, uyushma kengashining yangi tarkibi saylangan.
Bundan tashqari, yigʻilishda 2024-2025-yillarga moʻljallangan charm-poyabzal va moʻyna sanoatini rivojlantirishning maqsadli parametrlari ham tasdiqlab olingan.
Xususan, 2024-yilda charm mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2,7 milliard kvadrat detsimetr, poyabzal mahsulotlarini 205 million juftga, charm-attorlik mahsulotlarini esa 143 million donaga yetkazish choralari belgilangan. 2025-yilga kelib, bu koʻrsatkichlar yanada oshirilishi koʻzda tutilgan.
Umimiy yigʻlishda soha korxonalari oldida turgan masalalar koʻrib chiqilib, ularga ijobiy yechim topish boʻyicha taklif va tashabbuslar ilgari surilgan.