Oʻzbekistonning Chernogoriyadagi birinchi elchisi ishonch yorliqlarini topshirdi

Oʻzbekistonning Chernogoriyadagi birinchi elchisi ishonch yorliqlarini topshirdi

27.11.2024 00:00 O'zbekiston 4

Oʻzbekistonning Chernogoriyadagi birinchi Favqulodda va Muxtor Elchisi Oybek Shaxavdinov 25-noyabr kuni Chernogoriya Prezidenti Yakov Milatovichga ishonch yorliqlarini topshirdi. Ushbu tarixiy voqea Chernogoriya poytaxtida, Prezident qarorgohida tantanali marosim doirasida oʻtkazildi. Taqdimotdan soʻng ikki tomonlama munosabatlarning istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilindi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

804229d46ebfdfea925fcb0dcbdda7871127

Foto: "Dunyo" AA

Qayd etilishicha, Prezident Yakov Milatovich Oʻzbekiston xalqini ijtimoiy-iqtisodiy yutuqlar bilan tabrikladi va tinchlik hamda farovonlik tiladi. U Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlar va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdagi tashabbuslarini yuqori baholadi. Ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarni yangi sifat bosqichiga olib chiqish masalasi ham muhokama markazida boʻldi.

Chernogoriya rahbari savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy hamkorlikni mustahkamlashga eʼtibor qaratdi. U sayyohlik va gumanitar almashinuvlarni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish zarurligini taʼkidladi. Ushbu yoʻnalishlarda salohiyatni toʻliq ishga solish uchun tomonlar birgalikda ishlashga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Oʻzbekiston va Chernogoriya oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 2006-yil 19-dekabr kuni oʻrnatilgan. Soʻnggi yillarda bu aloqalar yangi bosqichga koʻtarilib, ikki mamlakat oʻrtasida turli sohalarda hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha qator tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Oybek Shaxavdinov shu yilning mart oyida Oʻzbekistonning Vengriyadagi elchisi etib tayinlangan va yaqinda Sloveniyadagi va Xorvatiyadagi elchi lavozimlarini ham qoʻshib olib borgan edi. Endilikda u Chernogoriya bilan ikki tomonlama aloqalarni yangi darajaga olib chiqishga masʼul boʻlmoqda.