Andijon viloyatining Xoʻjaobod tumanida joylashgan Imom ota qishlogʻi turizmga ixtisoslashgan boʻlib, bu maskanda ziyoratgoh, “Orzu” gʻori va boshqa oʻnga yaqin sayyohlik manzillari mavjud. Togʻ yonbagʻridagi ushbu hududda aksariyat xonadonlar sayyohlarga xizmat koʻrsatish faoliyati bilan mashgʻul. "Xalq so‘zi" nashri veb saytining xabar berishicha, hududda yangi loyihalar amalga oshirilmoqda, ana shunday loyihalardan biri osma koʻprik qurilishi.
Foto: xs.uz
— Turizm qishlogʻida sayohatchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan, — deydi tuman hokimi Jamshidbek Bozorboyev. — Savdo rastalari, ovqatlanish shoxobchalari, attraksion, choyxona, masjid, transport xizmati, dala hovli, basseyn kabilar shular jumlasidandir. Yangi qurilayotgan osma koʻprik butun qishloqni kuzatish bilan bir qatorda, oʻzgacha kayfiyat bagʻishlaydi, degan umiddamiz.
45 metr balandlikdagi ushbu koʻprik 300 metr uzunlikda bunyod etilib, undan bir paytning oʻzida 45 nafar sayyoh foydalanishi mumkin boʻladi.