2025-yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi mahalliy Kengashlar ishtirokida ko‘rib chiqildi

2025-yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi mahalliy Kengashlar ishtirokida ko‘rib chiqildi

28.11.2024 00:00 O'zbekiston 4

Senatda Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, mahalliy Kengash deputatlari ishtirokida seminar o‘tkazildi.

Unda asosiy mavzu “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonun loyihasining muhokamasi” bo‘ldi.

tgoRDK6ZQw2bYmzRFeiSmRGd3YvvYN

Foto: Senat.uz

Ishtirokchilar Davlat budjetining o‘rta muddatga mo‘ljallangan prognoz parametrlari va 2025-yil uchun budjet loyihasi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarga mos ravishda, ularni bajarish vazifasidan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgani qayd etdi.

Seminarda 2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjeti hamda 2026 – 2027-yillar uchun mo‘ljallar, asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning prognozlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar  va viloyatlar mahalliy budjetlarining daromadlari va xarajatlari prognozlari va mahalliy byudjetlarga ajratilayotgan tartibga soluvchi transfertlar hajmlari Qonun loyihasidan o‘rin olgani aytib o‘tildi.

Taʼkidlanganidek, Qonun loyihasida 2025-yilda YAIMning 6 foizga o‘sishi prognoz qilingan.

Shuningdek, seminarda o‘rta muddatda soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari ham belgilanganligi, unga ko‘ra konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligini 2025-2027-yillarda YAIMga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik, budjet daromadlari bazasini kengaytirish, berilgan soliq, bojxona imtiyozlarini samarasi va bergan natijasiga qarab qayta ko‘rib chiqish va bosqichma-bosqich bekor qilish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Senatorlar tomonidan qonun loyihasida yillik budjetni shakllantirishda “Natijaga yo‘naltirilgan budjet” tizimini hamda “Yashil budjetlashtirish” tamoyillarini bosqichma-bosqich joriy etish belgilanganligiga tushuntirishlar berildi.

Bundan tashqari, seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Toshkent shahar va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlari tomonidan tegishli darajadagi mahalliy budjetlarni tasdiqlash borasida inobatga olinishi lozim bo‘lgan jihatlarga urg‘u berildi.

Bu borada mahalliy Kengashlar deputatlarining fikr va mulohazalari eshitilib, ularga zarur tavsiyalar berildi.