Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Majlisda Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining daromadlari va xarajatlari, mahalliy budjetlar va Davlat maqsadli jamg‘armalariga oid loyihada ko‘zda tutilgan tadbirlar, ularni moliyalashtirish manbalariga oid ma’lumotlar chuqur tahlil qilinganligiga alohida e’tibor qaratildi.
Deputatlar bildirgan taklif va tavsiyalarni hisobga olgan holda qonun loyihasiga bir qancha konseptual ahamiyatga ega bo‘lgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari bildirgan taklifiga muvofiq og‘ir vaziyatga tushgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni aniqlash va yordam ko‘rsatish uchun Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga qo‘shimcha 35,5 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi belgilanmoqda.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari tomonidan berilgan takliflarni inobatga olgan holda kinematografiya sohasini yangi bosqichga ko‘tarish, buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosini aks ettiruvchi “Tirik tarix” filmlar turkumini yaratish hamda badiiy havaskorlik jamoalarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan madaniy dasturlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun qo‘shimcha 40 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) institutining mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olish kabi muhim vazifalarni o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirishi uchun moddiy-texnika bazasini yaxshilash bo‘yicha bergan takliflari asosli deb topilib, qo‘shimcha 3,1 mlrd.so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.
O‘zXDP fraksiyasi tomonidan bildirilgan taklifga muvofiq respublikada milliy malaka tizimini rivojlantirish, mehnat bozori va ta’limning o‘zaro integratsiyasini ta’minlash, malakaga bo‘lgan talablarni huquqiy va institutsional jihatdan tartibga solish maqsadida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutini tashkil etish xarajatlari uchun qo‘shimcha 10,6 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.
Ekologik partiyasi fraksiyasi tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi mamlakatimizda ekologik vaziyatni yaxshilash, transchegaraviy garmsel shamollari va chang-qum bo‘ronlarining atrof-muhitga zararli ta’sirlarining oldini olish bo‘yicha bildirgan taklifi qanoatlantirilib, ushbu loyiha uchun qo‘shimcha 100 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilmoqda.
Taklif etilayotgan qonun loyihasida budjet taqchilligi cheklangan miqdorining oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari hisobidan qo‘shimcha xarajatlarni amalga oshirishda qonun talablariga qat’iy rioya qilish, davlat tashqi qarzining va davlatning shartli majburiyatlari bo‘yicha loyihada belgilangan chegaradan oshib ketmaslik bo‘yicha hukumatning o‘z zimmasiga olayotgan majburiyatlari deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi