“Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2025-yilda Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150-yilligi keng nishonlanadi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150-yilligini nishonlash boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi tasdiqladi.
Dasturda quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratiladi, jumladan:
mutafakkir adibning “Tanlangan asarlar” toʻplami, uning hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan ilmiy-ommabop kitoblarni nashrga tayyorlash va chop etish;
Mahmudxoʻja Behbudiy haqida spektakllar sahnalashtirish hamda bugungi kunga qadar yaratilgan “Mahmudxoʻja Behbudiy” kinoseriali va “Xalq yuragi” badiiy-publitsistik filmlarining ommaviy namoyishlarini tashkil qilish;
umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, ijod maktablari oʻquvchilari, “Temurbeklar maktablari” kursantlari hamda oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida “Mahmudxoʻja Behbudiy saboqlari” mavzusida insholar tanlovini oʻtkazish va gʻoliblarni munosib taqdirlash;
2025-yil oktyabr oyida “Mahmudxoʻja Behbudiy merosi va jadidlik harakatini oʻrganishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil qilish;
2025-yil noyabr oyida Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150-yilligiga bagʻishlangan tantanali adabiy-maʼrifiy xotira kechasini oʻtkazish.