Qozogʻistonning Ostona shahrida “Yoʻlovchi tashish” va “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” aksiyadorlik jamiyatlari yigʻilish oʻtkazdi. "Xalq so‘zi" nashri veb saytida xabar qilinishicha, unda sheriklik va hamkorlikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqilgan.
Foto: xs.uz
Muzokaralar yakunida turistik poyezdlarning harakatlanishi toʻgʻrisida kelishuv imzolanib, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha ishchi guruh tuzildi. “Jibek joli” sayyohlik poyezdi qatnovining yoʻlga qoʻyilishi birinchi qadamlardan biri boʻldi.
Tomonlar, shuningdek, yangi xalqaro yoʻnalishlar, jumladan, “Ostona-Samarqand” yoʻnalishini ochish imkoniyatlarini koʻrib chiqdilar. Bu davlatlar oʻrtasida turizm rivoji uchun “ildam qadam” boʻlishi mumkin.
Oʻzbekiston taklifi bilan “Olmaota–Toshkent” yoʻnalishidagi 1/2-sonli poyezdning harakatlanish jadvali qayta koʻrib chiqilib, yoʻlovchilar uchun joʻnab ketish va kelish vaqtlari yanada qulaylashtirildi.