O‘tgan yilda O‘zbekistonga kirib kelgan pul o‘tkazmalari miqdori 14,8 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga yoki 3,4 mlrd dollarga ko‘p. Hisobot davrida pul o‘tkazmalarining o‘sishi Buyuk Britaniyadan 83 foiz, Janubiy Koreyadan 56 foiz, AQShdan 35 foiz hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 32 foiz bo‘lgan.
2024 yilda O‘zbekistonga kirib kelgan pul o‘tkazmalari miqdori 14,8 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga yoki 3,4 mlrd dollarga ko‘p. Bu haqda Markaziy bankning «Jismoniy shaxslarning valuta operatsiyalari bo‘yicha qisqacha sharhi»da ma’lum qilindi.
Mablag‘larning 77 foizi Rossiyadan (11,5 mlrd dollar) kelib tushgan bo‘lib, 2023 yilga nisbatan 29 foizga oshgan. Mazkur transfertlarning qolgan qismi Qozog‘iston (795 mln dollar), AQSh (577 mln dollar), Janubiy Koreya (534 mln dollar), Turkiya (405 mln dollar), Buyuk Britaniya (135 mln dollar) va boshqa mamlakatlardan o‘tkazilgan.
Oylar kesimida olinganda, eng ko‘p o‘tkazmalar iyulda (1 mlrd 785 mln dollar) amalga oshirilgan bo‘lsa, eng kami fevralda (738 mln dollar) o‘tkazilgan.
O‘tgan yilda O‘zbekistonga kelib tushgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmida 2023 yilga nisbatan Buyuk Britaniyadan 83 foiz, Janubiy Koreyadan 56 foiz, AQShdan 35 foiz hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 32 foiz o‘sish kuzatilgan.
Ushbu davrda jismoniy shaxslarga kelib tushgan mablag‘larning 8,2 mlrd dollari an’anaviy xalqaro pul o‘tkazma tizimlari orqali (2023 yilga nisbatan o‘sish 14 foiz), 5,9 mlrd dollari xorijdan jismoniy shaxslarning bank kartalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri (P2P) o‘tkazmalari orqali (o‘sish 51 foiz) hamda 774 mln dollari bank o‘tkazmasi (SWIFT) orqali (o‘sish 2,1 barobar) amalga oshirilgan.
Shuningdek, 2024 yilda O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 2,8 mlrd dollarni (2023 yilga nisbatan o‘sish 19 foiz) tashkil qilgan.