Sherxon Allamurotov Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumani hokimi etib tayinlandi. Bu haqida viloyat hokimligi matbuot xizmatiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Tayinlovga qadar u Qiziriq tumani Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Xalq deputatlari Qiziriq tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov 2024-yilning aprelidan buyon tuman hokimi vazifasida ishlab kelgan Anvar Oripov oʻz arizasiga binoan lavozimidan ozod etilganini bildirdi.
Sherxon Allamurotov 1986-yilda Jarqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan. 2011-yilda Ichki ishlar vazirligi akademiyasini tamomlagan.
Faoliyati davomida IIOda turli vazifalarda, xususan, viloyat IIBda boʻlim boshligʻi, Jarqoʻrgʻon tumani IIB boshligʻi lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Viloyat rahbari yangi hokimga tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalarni belgilab berdi hamda faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi, deyiladi xabarda.