Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘li qurilishi borasidagi ma‘lumotlar ochiqlandi

Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘li qurilishi borasidagi ma‘lumotlar ochiqlandi

28.01.2025 00:00 O'zbekiston 6

pulli yo'l

Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘lini davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida loyihalashtirish, qurish, moliyalashtirish, boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.

Loyiha birinchi bosqichda Toshkentdan Angrengacha bo‘lgan 171 kilometr yo‘l va Qamchiq dovonini o'z ichiga oladi. 2025-yil 21-yanvarda loyiha konsepsiyasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan.  

Jahon banki yordamida "Arup and Partner‘s", “PWC” va "CMS Cameron" kabi nufuzli xalqaro konsultantlar jalb etilgan bo‘lib, ular hukumatga xususiy sheriklarni tanlashda maslahatchi sifatida yordam bermoqda.  

Tender jarayoni ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda ishtirokchi kompaniyalar dastlabki malakalashdan o‘tish uchun hujjatlarni taqdim etadi. Ikkinchi bosqichda esa saralangan kompaniyalar texnik va moliyaviy takliflarini taqdim etadi. G‘olib davlat-xususiy sheriklik qonunchiligi asosida shartnoma imzolash orqali aniqlanadi.  

Ma'lumot o'rnida, Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘li 6 yil 3 oy muddatda qurilishi haqida berilgan, yo‘lda 10 ta tunnel bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Pulli yo‘l qurilishi orqali safar vaqti 2 soat 14 daqiqaga qisqaradi.