Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni yirik transport infratuzilmasi loyihalari bo‘yicha hisobot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Jahon banki ishtirokida Toshkent—Andijon muqobil yo‘li loyihalashtirildi. Umumiy uzunligi 314 kilometr bo‘lgan bu tezyurar magistral foydalanishga topshirilishi natijasida Toshkentdan Andijonga yetib borish vaqti 5 soatdan 3 soatgacha qisqaradi. Shuningdek, bu yalpi ichki mahsulotni 2,6 foizga oshirib, avtohalokatlarni 40 foizga kamaytirishi mumkin.
Yaqinda ushbu loyiha bo‘yicha xalqaro tender eʼlon qilindi. Qisqa vaqtda unga ko‘plab nufuzli xorijiy kompaniyalar qiziqish bildirgan.