“Samarqand noni” geografik koʻrsatkich sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi

“Samarqand noni” geografik koʻrsatkich sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi

05.02.2025 00:00 O'zbekiston 6

Adliya vaziri Akbar Toshqulov Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyevga “Samarqand noni” geografik koʻrsatkich hujjatini topshirdi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmatiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

4c1a989b6fe39d4e2c4f31db040010a70205

Foto: xs.uz

Qayd etilishicha, Adliya vazirligi geografik koʻrsatkichlarni huquqiy jihatdan muhofaza qilish sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi.

“Samarqand viloyat adliya boshqarmasi va «Intellektual mulk markazi” davlat muassasasining koʻmagi bilan joriy yilning 4-fevral kuni dunyoga mashhur “Samarqand noni” geografik koʻrsatkich sifatida Adliya vazirligi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi», — deyiladi xabarda.

Taʼkidlash joiz, “Geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, tovarni muayyan geografik obyekt hududidan kelib chiqqan mahsulot sifatida identifikatsiyalovchi belgi geografik koʻrsatkich deb eʼtirof etiladi. Bunda tovarning sifati, nom qozonganligi yoki boshqa xususiyatlari uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli darajada bogʻliq boʻladi.

Bundan avvalroq “Gʻijduvon shashlik” geografik koʻrsatkich sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan edi.